Fargʻona viloyati Yozyovon tumanidagi “Humo” fermer xoʻjaligida joriy yil hosili uchun 42 gektar maydonda “Xin Lu Zao-87” gʻoʻza navi 76x10 sxemada “Shinjon” texnologiyasi asosida yetishtirilmoqda.
Eʼtiborlisi, mazkur xorijiy gʻoʻza navining urugʻliklari mahalliy sharoitda tayyorlangan boʻlib, Urugʻchilikni rivojlantirish markaziga qarashli urugʻlik tayyorlash korxonalarida tayyorlanib, joriy yil fermer xoʻjaliklariga taqdim etilgan. Natijada hududlarning tuproq-iqlim sharoitlariga moslashgan, sifatli urugʻliklardan samarali foydalanish imkoniyati yaratilgan.
Mazkur maydonlarda gektariga 260–270 ming tup koʻchat hosil qilinishiga erishilgan. Gʻoʻza parvarishida agrotexnik tadbirlar belgilangan muddatlarda amalga oshirilib, 3 marotaba mineral oʻgʻitlar bilan oziqlantirish ishlari olib borilgan va har gektar maydonga jami 950 kilogrammdan mineral oʻgʻit solingan.
Shuningdek, bugungi kunga qadar gʻoʻza maydonlarida “Sojean” preparati bilan 4 bosqichda — 8 gramm/ga, 16 gramm/ga, 32 gramm/ga hamda 64 gramm/ga meʼyorida ishlov oʻtkazilgan. Ilgʻor tajribalarni keng joriy etish maqsadida “Biochar” va “Jivamrit” biooʻgʻitlaridan ham foydalanilgan. Hozirga qadar maydonlar 2 marotaba sugʻorilgan boʻlib, 3-sugʻorish ishlari 1-iyuldan boshlanishi rejalashtirilgan.
Keyingi bosqichda bargdan oziqlantirish maqsadida “Borniy” preparati bilan ishlov beriladi. Avgust oyidan boshlab “Etofon” preparati qoʻllanilib, 10-avgust kuni defoliatsiya ishlarining 1-bosqichi, 20-avgust kuni esa 2-bosqichi “Augron” preparati asosida amalga oshiriladi. Shuningdek, 30-avgust kuni gʻoʻza maydonlariga “Xlorad magniy” preparati bilan ishlov berilishi natijasida 10-sentabr holatiga koʻsaklarning 100 foiz ochilishi va hosilni terimga tayyor holatga keltirish rejalashtirilgan. Hozirda mazkur maydonlarda 75–80 sentner hosildorlikka erishilishi kutilmoqda.