Xorazm viloyatiga amalga oshirayotgan amaliy tashrifim davomida Hazorasp tumanidagi “Soliy Turkman” fermer xo‘jaligi faoliyati bilan tanishdim.
Xo‘jalikning 64 gektar paxta maydonini ko‘zdan kechirar ekanman, ekinlar yakka qator usulida parvarishlanayotgani, nihollarning to‘liq va bir maromda unib chiqqani e’tiborimni tortdi. Agrotexnik tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilgani natijasida g‘o‘zaning sog‘lom rivojlanayotgani yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.

Daladagi holatni o‘rganish jarayonida yana bir bor amin bo‘ldimki, ilmiy yondashuv, amaliy tajriba va mehnat intizomi uyg‘unligi hosildorlikni oshirishning eng muhim omillaridan biridir. Shu bois mutaxassislar va fermerlarga vegetatsiya davridagi agrotexnik tadbirlarni qat’iy nazorat ostida olib borish bo‘yicha tavsiyalar berdim.
Tashrif davomida fermerlar o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan muhim tashabbusni ilgari surdim. Unga ko‘ra, paxta va g‘alla yetishtirishda yuqori natijalarga erishayotgan ilg‘or fermerlar hamda qoloq xo‘jaliklar o‘rtasida 10 kunlik tajriba almashinuvi tizimini yo‘lga qo‘yish taklif etildi. Ishonchim komilki, bunday amaliyot fermerlarning bilim va ko‘nikmalarini boyitib, hosildorlikni oshirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, xo‘jalikning 67 gektar g‘alla maydonini ham ko‘zdan kechirdim. Ayni paytda bu yerda o‘rim mavsumiga start berilgan. Dastlab gektaridan 90 sentner hosil olish rejalashtirilgan bo‘lsa-da, mavjud holat hosildorlik 100 sentnerdan ham yuqori bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.

Hazoraspdagi ushbu tajriba ilm-fan yutuqlari, ilg‘or agrotexnologiyalar va fermerlar o‘rtasidagi hamkorlik orqali qishloq xo‘jaligida yanada yuqori natijalarga erishish mumkinligini yana bir bor tasdiqlamoqda.
Bu esa nafaqat Xorazm viloyati, balki butun mamlakatimiz agrar tarmog‘i rivoji uchun muhim ahamiyatga ega.