description

  

Jizzax viloyati tumanlarida 2026-yil paxta hosili uchun chigit ekilgan paxta maydonlarida may oyida bo‘lib o‘tgan kuchli surunkali yog‘ingarchilik tufayli ayrim maydonlarda begona o‘tlar, zararli hasharotlar ko‘payishi va qator oralari qotib qolishi natijasida g‘o‘za rivojiga salbiy ta’sir etdi.

Ushbu g‘o‘za rivoji orqada qolayotgan fermerlar paxta maydonlarida amaliy yordam berish uchun viloyat hokimi U. Mustafayev topshirig‘iga asosan qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Z. Ro‘ziyev boshchiligida tuzilgan ishchi guruh tarkibida viloyat paxtachilik kengashi a’zolari va AKIS mutaxassislari 2026-yil 1-iyun kuni Zafarobod tumaniga tashrif buyurdi.

Mazkur tumandagi Oxunboboyev, Hamdo‘stlik, Sindarov, Zafarobod, X. Olimjon, Xojahmed, F. Xo‘jayev va S. Rahimov SIUlardagi jami 44 nafar fermer xo‘jaliklarining 1416 gektar paxta maydonlarida bo‘lishib, olib borilayotgan agrotexnik tadbirlar o‘rganildi.

O‘rganish davomida ko‘rilgan barcha paxta maydonlarida keyingi kunlarda bo‘lib o‘tgan surunkali yog‘ingarchilik tufayli qator oralari qatqaloq bo‘lib, egatlar oralari va ko‘chatlar bo‘g‘zi qotib qolganligi, begona o‘tlarning hamda shira, trips va o‘rgimchakkana kabi hasharotlarning ko‘payishiga sharoit yaratilganligi tufayli g‘o‘za nihollari rivojiga salbiy ta’sir etganligi aniqlandi.

Ushbu maydonlarda bunday holatlarning oldini olish uchun mutaxassislar tomonidan fermerlarga quyidagi tavsiyalar berildi:

  1. Barcha maydonlarda g‘o‘zani parvarishlashda birinchi sug‘orishgacha kamida 1–2 marta sifatli kultivatsiya qilish va kamida 1 marta chuqur yumshatish tavsiya etildi. Ushbu tadbir tuproqdagi ortiqcha namlikni kamaytirib, g‘o‘zaning bo‘yiga o‘sishini sekinlashtiradi, begona o‘tlarni kamaytiradi hamda 6–8 kun ertaroq shonalashga kirishini ta’minlaydi.

  2. Barcha paxta maydonlarida Xitoyning gerbitsidga chidamli g‘o‘za navlari ekilganligini e’tiborga olib, tarkibida glifosat bo‘lgan gerbitsidlar bilan begona o‘tlarning rivojlanish holatiga qarab mutaxassislar tavsiyasi asosida har gektariga 2,5–4,0 litr miqdorida kimyoviy ishlov berish tavsiya etildi.

  3. Shira, trips va o‘rgimchakkanalarga qarshi oltinko‘z biomahsulotini har gektariga 1500–2000 donadan 7–8 kun oralatib 3 marta tarqatish, yuqori darajada zararlangan yoki bitta bargda 8–10 ta shira, trips va o‘rgimchakkana mavjud bo‘lsa, tarkibida imidakloprid, atsetamiprid bo‘lgan insektitsidlar hamda propargit va geksitioqs tarkibli foydali hasharotlarga zarari kam bo‘lgan akaritsidlar bilan ishlov berish tavsiya etildi.

  4. Kultivatsiya bilan birga har gektariga 200–250 kg azotli mineral o‘g‘itlar berish hamda tarkibida aminokislotalar, gumin kislotalar, temir, molibden, rux kabi mikroelementlarga boy bo‘lgan biostimulyatorlar bilan g‘o‘zani ko‘saklash davrigacha har 12–15 kunda barg orqali oziqlantirish tavsiya qilindi. Bunda poyaning o‘sishi, hosil elementlarining shakllanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi, tashqi stresslarga (40°C dan yuqori harorat, garmsel, qurg‘oqchilik, sho‘rlanish va kasalliklar) chidamliligini oshirishi, g‘o‘za rivojini 10–12 kunga tezlashtirishi hamda qo‘shimcha 3–4 ta ko‘saklar hosil bo‘lishi bo‘yicha agro-maslahatlar berildi.

  5. Sug‘orishni birinchi navbatda yengil tuproqli va yaxob berilmagan maydonlardan boshlash, sug‘orishni o‘qariqlar qisqa (50–100 metr) olinib hamda yengil me’yorda (400–500 m³/ga) tashkil etish, ekilgan g‘o‘za navlarining xususiyatlarini inobatga olib, ko‘llatmasdan sug‘orish tavsiya etildi.

Jizzax viloyat paxtachilik kengashi a’zosi
A. Umirzakov

Menyu