Joylardagi xorijiy paxta navlarining o‘sishi ko‘zdan kechirildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi paxtachilik kengashi Toshkent viloyatiga birikririlgan ishchi guruhi a’zolari hamda Respublika Agroxizmatlar markazi Toshkent viloyati Agroxizmatlar markazi ma’sullari bilan birgalikda Toshkent viloyati Bekobod tumani “Yangi hayot” fermer xo‘jaligiga hamda Bo‘ka tumanidagi “Azizmuhammad” fermer xo‘jaligiga qarashli paxta maydonlariga Xitoy Xalq Republikasidan olib kelingan paxta navlarining o‘sish jarayoni ko‘zdan kechirildi.
“Yangi hayot” fermer xo‘jaligida Chjuntay А2 paxta navi pnevmatik usulida qo‘shqator plyonka ostiga ekilgan. Bu, avvalo, suv sarfini kajmaytiradi, begona o‘tlar o‘sishining oldini oladi shuningdek, ekiladigan chigit sarfini kamaytiradi. Fermer xo‘jaligi agronomi Xitoylik mutaxassis janob Xianing ma’lum qilishicha, bu qo‘shqator usulda ekish natijasida har bir gektarga 25 kg.dan chigit sarflangan, odatda, mahalliy navni an’anaviy bir qator usulda ekishda gektariga 30 kg sarf qilinadi. Fermer xo‘jaligi agronomining ma’lum qilishicha, Chjuntay A2 Bekobod tumanida yerga qadalgan boshqa chigitlardan 10 kun o‘tib ekilgan bo‘lsada, unib chiqqan mahalliy navlarning o‘sishiga tenglashib olgan. Ushbu nav yurtimizda ilk bor tajriba sifatida ekilgan bo‘lib, uning ustunlik jihati yerdan unumli foydalanish va yuqori hosil olish imkonini beradi.
Tajriba kutilgan natijani bersa, kelgusi yildan Chjuntay A2 navi respublikaning boshqa hududlarida ham yetishtirilishi maqsad qilingan.
Bo‘ka tumani “Azizmuhammad” fermer xo‘jaligida ham Xitoy Xalq Respublikasidan keltirilgan XinLuZao 52 paxta navi ekilgan. Bu yerda chigit ochiq usulda qo‘shqator qilib ekilgan. Agrotexnik tadbirlar va har bir kontur hisobidan fenologik kuzatuvlar olib borilishi yo‘lga qo‘yilgan. Buning natijasida, kelgusi yillarda fermer xo‘jaliklari uchun tayyor dasturulamal shakllanadi.