


Xabar berganimizdek, qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonovning Jizzax viloyatiga ishchi tashrifi davom etmoqda. Tashrif doirasida Sharof Rashidov tumanidagi “Dafna ifori” MChJ paxta-to‘qimachilik klasterida paxta qabul qilish maskanlarida “AgroTarozi” axborot tizimini joriy etish masalalariga bag‘ishlangan respublika seminari o‘tkazildi.
👤Ibrohim Abdurahmonov boshchiligida tashkil etilgan seminarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri va mas’ullari, barcha viloyatlar hokimlarining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari, qishloq xo‘jaligi boshqarmalari rahbarlari, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi, Qishloq xo‘jaligi vazirligining aloqador tizim tashkilotlari vakillari, shuningdek, Toshkent, Sirdaryo, Jizzax va Samarqand viloyatlaridagi paxta qabul qilish maskanlari rahbarlari, “AgroTarozi” tizimiga mas’ul xodimlar, tarozibonlar hamda klasterlar vakillari ishtirok etdi.
📊Seminarda vazir Ibrohim Abdurahmonov paxta qabul qilish jarayonida raqamlarning aniqligi va shaffofligini ta’minlash eng muhim vazifalardan biri ekanini ta’kidladi. “Paxta qabul qilish jarayonida har bir raqam aniq va ishonchli bo‘lishi kerak. Bu, avvalo, fermerning mehnatiga bo‘lgan hurmat va adolatli hisob-kitobning asosidir. Raqamlashtirish orqali inson omilini kamaytirib, har bir jarayonni ochiq va nazorat qilinadigan tizimga aylantirishimiz zarur”, — dedi vazir.
📱Shuningdek, seminar davomida soha mutaxassislari tomonidan “AgroTarozi” axborot tizimidagi yangiliklar va uning amaliy imkoniyatlari keng tushuntirildi. Jumladan, paxtani qabul qilishda tarozi ko‘rsatkichlarini raqamli qayd etish, ma’lumotlarni elektron shaklda shakllantirish, hisob-kitob jarayonlarini avtomatlashtirish va ma’lumotlarni nazorat qilish imkoniyatlari amaliyotda namoyish etildi.
⚖️ Paxtaning daladan qabul qilish maskanigacha bo‘lgan harakatida har bir kilogramm hisobda aniq aks etishi muhim. Bu nafaqat hisob-kitoblarni to‘g‘ri yuritish, balki fermer mehnati va yetishtirilgan hosilga xolis baho berishning ham muhim shartidir.
📱Shu nuqtai nazardan, “AgroTarozi” axborot tizimini paxta qabul qilish maskanlarida keng joriy etish orqali tarozidagi har bir ko‘rsatkichni raqamli qayd etish, ma’lumotlarni shaffof shaklda shakllantirish va inson omilini minimallashtirish ko‘zda tutilgan.
✅Seminar davomida mazkur tizimning amaliy imkoniyatlari, paxtani qabul qilishda raqamli hisob-kitoblarni yuritish tartibi hamda joylarda tizimni samarali ishga tushirish bo‘yicha vazifalar muhokama qilindi.