Farg‘ona viloyatiga amalga oshirayotgan ishchi tashrif doirasida Quva tumanidagi “Quva elita urug‘chiligi” MCHJga qarashli paxta maydonida bo‘lindi.
Mazkur xo‘jalikning umumiy yer maydoni 100 gektar bo‘lib, shundan 41 gektarda paxta yetishtirilmoqda. Bu yerda paxta yetishtirish jarayonlari zamonaviy “Shinjon” agrotexnologiyasi asosida yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, urug‘chilik tizimini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilgan.
Shuningdek, g‘o‘zaning barqaror o‘sishi va yuqori hosildorligini ta’minlash maqsadida mineral o‘g‘itlar bilan bir qatorda biologik ozuqa — “Jivamrit” ham qo‘llanilayotganini alohida qayd etildi.

Daladagi kuzatuvlar shuni ko‘rsatdiki, har bir g‘o‘za tupida o‘rtacha 3 ta ko‘sak, 8 ta shona va 11 ta hosil shohi shakllangan. Bu holat agrotexnik tadbirlarning o‘z vaqtida va to‘g‘ri amalga oshirilayotganidan dalolat beradi.
Ekin maydonlarini ko‘zdan kechirar ekanman, g‘o‘za parvarishining keyingi bosqichlarida amalga oshirilishi zarur bo‘lgan oziqlantirish, sug‘orish, g‘o‘za yuklamasini me’yorlashtirish hamda hosil elementlarini saqlab qolish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tashrif doirasida Quva tumani fermerlari ishtirokida dalaning o‘zida amaliy seminar tashkil etildi. Unda paxtachilikda joriy etilayotgan innovatsion agrotexnologiyalar, ularning amaliy samarasi hamda yuqori hosil olishdagi o‘rni atroflicha muhokama qilindi.
Qayd etish kerakki, zamonaviy texnologiyalarni joriy etishning o‘zi yetarli emas. Eng muhimi — ularning ilmiy mohiyatini chuqur anglash va amaliyotda to‘g‘ri qo‘llashdir. Shu bois fermerlarga g‘o‘za parvarishining har bir bosqichi bo‘yicha ilmiy asoslangan tavsiyalar berilib, har bir agrotexnik tadbirning hosildorlikka ta’siri amaliy misollar orqali batafsil tushuntirildi.
