description

Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Qashqadaryo viloyatida bo‘ldi

Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov agrar sohadagi islohotlar izchilligini ta’minlash maqsadida Qashqadaryo viloyatiga keldi. Tashrif dasturiga ko‘ra ilk manzil – Koson tumani “Jaloir” MFY 30 yil foydalanmasdan kelingan yerda barpo etilgan fermer xo‘jaligi bilan tanishdi. 1300 gektar maydonni egallagan hududda Xitoyning “Chjun Tai 2” g‘o‘za navi 76 sxemada qo‘shqator qilib plyonka ostiga ekilgan bo’lib, to’liq tomchilatib sug‘orish tizimi joriy  qilingan.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, bugun Qashqadaryo agrar sohasi butunlay o‘zgarishlar og‘ushida. Bu esa aynan yangidan-yangi ekin yerlarining o‘zlashtirilayotganida namoyon bo‘lmoqda. Foydalanishga qaytarilayotgan minglab gektar yerlar ushbu o‘zgarishlarning amaldagi natijasidir. Bir paytlar foydalanishdan chiqib ketib, salkam 30 yil davomida yantoqzor va qamishzor bo‘lib yotgan bu yerlar Xitoyning “Lihao group” kompaniyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqarishga qaytarilmoqda.

Navbatdagi manzil Koson tumanidagi “Koson baxt klaster” MChJ ga qarashli Surxon paxta qabul qilish maskani bo’ldi. Ushbu maskanda keng dala maydonlarida yetishtirilib, hosili terib olingan paxtalar vaqtinchalik saqlash uchun jamlanadi. Umumiy jarayon ijobiy kechayotgan bo’lsa-da, biroq, agroplatformalar bilan ishlash, jamlanayotgan paxtaning mavjud qiymatini aks ettirish va uni platformaga joylashda muammolar yuzaga kelmoqda. So’ngi bir hafta davomida kirim qilingan paxta, agroplatformaga joylanmagan.  Maskandagi tarozibon va mutasaddilarning aytishlaricha, mazkur platforma bilan ishlashda dasturiy ta’minotning uzilish holatlari kuzatilgan. Hozirda ushbu muammoni bartaraf etish chora tadbirlari amalga oshirilmoqda. Vazir o’z navbatida mazkur holatni keskin tanqid qilib, hafta davomi hal etilmagan ushbu muammoning yechimiga to’xtalib o’tdi. Amalda topshirilgan paxta hajmi bilan platformaga joylangan raqamlar o’rtasida nomutanosiblik yuzaga kelayotgani, buning uchun, har bir topshirilayotgan paxtani tarozida aniq o’lchash va kilogrammlarni shaffof holatda platformalarda aks ettirish lozimligini aytib o’tdi.

Shuningdek, vazir bu jarayonda viloyat va tuman agrotarmoq mas’ullari birdek yondashgan holda, mavjud kamchiliklarni bartaraf etib, barcha tushunmovchiliklarga barham berishlari hamda dasturiy ta’minot bilan ishlashni sifatli yo’lga qo’yish va faoliyatga oid hisobdorlikni his etgan holda ishni to’g’ri tashkil etishlari borasida o’z ko’rsatmalarini berib o’tdi.

Keying manzillar Qarshi tumanida joylashgan "Sulton teks" MCHJ dala maydoni, Qarshi tumani “Ko‘chkak” mahallasida joylashgan “Sulton teks” klasterining 65 gektarlik paxta dalalari va Nishon tumani "Oydin" paxtani qabul qilish maskani bo‘ldi.

Paxtani qabul qilish maskanda keng dala maydonlarida yetishtirilib, hosili terib olingan paxtalar vaqtinchalik saqlash uchun jamlanadi. Aytish mumkin, mazkur majmuada joriy yilgi paxta hosilini qabul qilish uchun yetarlicha imkoniyatlar va ishchi kuchi mavjud. Umumiy jarayon ijobiy kechayotgan bo‘lsa-da, biroq, mas’ullarning "Agroplatforma.uz" tizimi bilan ishlash, jamlanayotgan paxtaning mavjud qiymatini aks ettirish va uni platformaga joylash ishlarida quvonarli natijadorlik ko‘rinmaydi. Mas’ullar bilan suhbat chog‘ida, vazir yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etish va har bir jarayon ustidan tajribaga asoslangan nazorat tizimini o‘rnatish, qolaversa faoliyatda shaffoflikni ta’minlash, shu bilan birga mutaxassislarning bilim ko‘nikmasini oshirish zarurligini ta’kidlab, bu bo‘yicha o‘zining tegishli ko‘rsatmalarini bildirib o‘tdi.

Menu