description

4,6 million tonna paxta — mavsumning ulkan natijasi!

2026-yil mamlakatimiz paxtachiligi tarixida tub burilish yasagan, alohida ahamiyatga ega yil sifatida muhrlanib qolishi tabiiy. Zero, oktabr oyining ikkinchi yarmidayoq mamlakatimiz paxtachiligida yuksak marraga erishish — soha tarixida alohida e’tirofga loyiq natija.

Joriy yilning 22-oktabr holatiga ko‘ra, mamlakatimiz dalalaridan 4 million 630 ming tonna, belgilangan rejaga nisbatan 103 foiz paxta yig‘ib olindi. Bu ulkan xirmon ortida minglab dehqon va mexanizatorlarning mashaqqatli mehnati, fermer va klasterlarning sa’y-harakatlari, yurt farovonligi yo‘lida qilinayotgan fidokorona ishlar mujassam.

Alohida ta’kidlash joizki, yig‘ib olingan hosilning 3 515 597 tonnasi qariyb 3 mingta zamonaviy paxta terish mashinasi yordamida terib olindi. Dalalarimizda mexanizatsiyalashtirish darajasi viloyatlar kesimida 61 foizdan 98,5 foizgacha, mamlakat bo‘yicha o‘rtacha 76 foizni tashkil etdi. Misol uchun, Jizzax viloyatida 98,5 foiz, Sirdaryo viloyatida 94,2 foiz paxta mashinalar yordamida yig‘ib olingan.

Albatta, bunday natijaga o‘z-o‘zidan erishilgani yo‘q. Bu natijalar Prezidentimiz tomonidan qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, sohaga zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish va ilm-fan yutuqlaridan samarali foydalanish bo‘yicha belgilab berilgan ustuvor vazifalar amaliyotda o‘z ifodasini topayotganining yaqqol namunasidir.

Shuningdek, yil davomida mamlakatimizning barcha hududlaridagi paxta dalalarida o‘tkazilgan amaliy seminarlar, paxtachilik sohasi olimlarining tinimsiz izlanishlari, ilmiy tavsiyalar va ilg‘or tajribalarning ishlab chiqarishga joriy etilishi bu yilgi mavsum muvaffaqiyatida muhim o‘rin tutdi.

4,6 million tonnalik xirmon — bu shunchaki raqam emas. Bu yurt ertasini o‘ylagan o‘zbek dehqonlarining zahmati, xalqimizning bunyodkorlik salohiyati, ilm-fan va zamonaviy texnologiyalar kuchining yorqin ifodasidir.

Aziz fermer va dehqonlar, mexanizatorlar va butun paxtachilik ahli! Mashaqqatli mehnatingiz samarasi, erishayotgan zafarlaringiz muborak bo‘lsin!

  • Sana: 22-oktabr holatiga ko‘ra
  • Yig‘ilgan paxta: 4 million 630 ming tonna — rejaning 103 foizi
  • Mashina terimi: 3 515 597 tonna
  • Paxta terish mashinalari: qariyb 3 000 ta
  • Mexanizatsiya darajasi: o‘rtacha 76 foiz (61–98,5 foiz oralig‘ida)
  • Eng yuqori ko‘rsatkich: Jizzax 98,5 foiz, Sirdaryo 94,2 foiz

Menyu