5 million tonnadan ziyod paxta — Yangi O‘zbekistonning tarixiy g‘alabasi!
2026-yil mamlakatimiz paxtachiligida tub burilish yasagan, alohida ahamiyatga ega yil sifatida tarixda qolishi shubhasiz. Zero, noyabr oyining ilk kunlaridayoq paxta yetishtirishda 5 million tonnalik marraning zabt etilishi soha tarixida alohida e’tirofga loyiq natijadir.
Joriy yilda mamlakatimiz dalalaridan 5 million tonnadan ziyod paxta terib olindi. Bu shunchaki raqam emas, balki ulkan xirmon ortida minglab dehqon va mexanizatorlarning mashaqqatli mehnati, fermer va klasterlarning sa’y-harakatlari, yurt farovonligi yo‘lidagi fidokorona mehnatlari mujassam.
Alohida ta’kidlash joizki, joriy mavsumda paxta terimini mexanizatsiyalashtirish darajasi hududlar kesimida 61 foizdan 98,5 foizgacha, mamlakat bo‘yicha esa o‘rtacha 76 foizni tashkil etdi. Jumladan, Jizzax viloyatida 98,5 foiz, Sirdaryo viloyatida 94,2 foiz, Toshkent viloyatida 81,2 foiz paxta hosili terim mashinalari yordamida yig‘ib olindi.
Bu, avvalo, Prezidentimiz tomonidan qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, sohaga zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish va ilm-fan yutuqlaridan samarali foydalanish bo‘yicha belgilab berilgan ustuvor vazifalarning amaliy ifodasidir.
Eng muhimi, strategik yo‘nalishlarning izchil amalga oshirilishi paxtachilikda yangi marralarni zabt etish, mehnat unumdorligini oshirish va agrar soha salohiyatini yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Shuningdek, yil davomida mamlakatimizning barcha hududlaridagi paxta dalalarida o‘tkazilgan amaliy seminarlar, olimlarning ilmiy izlanishlari, tavsiya va ishlanmalarining ishlab chiqarishga joriy etilishi ham mavsum muvaffaqiyatida muhim o‘rin tutdi.
Zamonaviy agrotexnologiyalar, ilg‘or texnikalar va ilm-fan yutuqlarining uyg‘unligi paxtachilikda yangi imkoniyatlarni ochmoqda. Bu esa mehnat unumdorligini oshirish, hosilni o‘z vaqtida yig‘ib olish hamda mavjud resurslardan samarali foydalanishga zamin yaratmoqda.
Bugun muhtaram Prezidentimizning O‘zbekiston dehqon va fermerlari hamda barcha qishloq xo‘jaligi xodimlariga yuborgan tabriklarida ham agrar soha zahmatkashlarining fidoyi mehnatlari e’tirof etildi. Mustaqil O‘zbekiston o‘zining milliy davlatchilik tarixida bu kabi yutuqni ilk bor qo‘lga kiritayotgani alohida qayd etildi.
Aziz fermer va dehqonlar, mexanizatorlar hamda butun paxtachilik ahli! Mashaqqatli mehnatingiz samarasi, erishayotgan yutuqlaringiz muborak bo‘lsin!