Jizzax viloyati Arnasoy tumanidagi “Bo‘ston karchalonlari” fermer xo‘jaligining 28 gektar paxta maydonida hosildorlik gektariga 65–70 sentnerni tashkil etmoqda.
Maydonda xorijiy “Xin Lu Zao-57” navi 76×10 qo‘shqator sxemasida, tomchilatib sug‘orish usulida yetishtirilgan. Etifon va auguron defoliantlari bilan ishlov berish natijasida ko‘saklarning 98–100 foizi ochilgan.
Paxta terish mashinalarining samarali va uzluksiz ishlashini ta’minlash maqsadida dalaning ikki boshidan 10–12 metr kenglikda paxtani oldindan terib olish, g‘o‘zapoyalarni o‘rib, kombaynlarning qayrilishi uchun maydonchalar tayyorlash bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Mutaxassislar ta’kidlaganidek, bunday agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli tashkil etish paxta terish mashinalarining ish unumdorligini 15 foizgacha oshirish imkonini beradi.