Navbahorda paxta dalalarida terimga puxta tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
Navoiy viloyati Navbahor tumanidagi S. Jo‘rayev hududida joylashgan “Mezit” fermer xo‘jaligining 21,6 gektar paxta maydonida xorijiy “JEN KEN 1402” navi 76×10 qo‘shqator sxemasida yetishtirilgan.
Dalada g‘o‘za Shinjon usulida parvarishlanib, mavsum davomida zarur agrotexnik tadbirlar o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirildi. Jumladan, paxta maydonlariga etifon va Avguron defoliantlari bilan ishlov berilishi natijasida ko‘saklarning to‘liq ochilishi ta’minlanib, hosilni mashina terimiga tayyor holatga keltirildi.
Ayni paytda Navbahor tumanidagi paxta maydonlarida terim jarayonini samarali tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Paxta terish mashinalarining uzluksiz va unumli ishlashini ta’minlash maqsadida dalalarning ikki boshidan 10–12 metr kenglikdagi qism hosili oldindan terib olinmoqda. Mazkur jarayonlarni tashkil etishda viloyat Paxtachilik kengashi ishchi guruhi mutaxassislari tomonidan fermer xo‘jaliklariga zarur ko‘rsatma va tavsiyalar berilmoqda.
O‘z vaqtida va sifatli tashkil etilgan agrotexnik tadbirlar — mashina terimining samaradorligini oshirish, hosilni qisqa muddatlarda va kam nobudgarchilik bilan yig‘ib olishga xizmat qilmoqda.