Navoiyda “Xin Lu Zao-87” navidan 60–70 sentner hosil olinmoqda.
Navoiy viloyati Qiziltepa tumanining Zarmitan hududidagi “Yangi yer baraka” fermer xo‘jaligida Xitoyning “Xin Lu Zao-87” navi 76×10 qo‘shqator sxemada, tomchilatib sug‘orish texnologiyasi asosida 4-aprel kuni ekilgan.
Ayni paytda mazkur maydonlarda gektaridan 60–70 sentner hosildorlik qayd etilmoqda. Etifon va auguron defoliantlari bilan o‘z vaqtida ishlov berilishi natijasida ko‘saklarning 98–100 foizi ochilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Paxtachilik kengashi ishchi guruhi mutaxassislari tomonidan dalada paxta hosilini samarali va qisqa muddatlarda yig‘ib-terib olish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi. Jumladan, paxta terish mashinalarining samarali va uzluksiz ishlashini ta’minlash maqsadida dalaga olib boruvchi yo‘llarni tozalash va ta’mirlash, dalaning ikki boshidan 10–12 metr kenglikdagi qismdagi paxtani oldindan terib olish, g‘o‘zapoyalarni o‘rish hamda paxta terish mashinalarining qaytishi uchun maydonchalar tayyorlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Bu kabi agrotexnik va tashkiliy choralar hosilni kam yo‘qotish bilan, sifatli va o‘z vaqtida yig‘ib-terib olish imkonini beradi.