Rishton dalalarida paxtalar deyarli terimga tayyor.
Ayni paytda Farg‘ona viloyatidagi ishchi tashrif davomida Rishton tumanidagi qator fermer xo‘jaliklarining paxta dalalarida bo‘lib, bu yerda amalga oshirilayotgan zamonaviy agrotexnik tadbirlar bilan yaqindan tanishildi.
G‘o‘zaning serhosil navlari yetishtirilayotgan ushbu hududlarda ekinlar zamonaviy agrotexnik yondashuvlar asosida, 76×10 sxemada qo‘shqator usulida ekilgan. Shuningdek, maydonlarda tomchilatib sug‘orish tizimini joriy etish ishlari belgilangan uslubiy qo‘llanma talablari asosida tashkil etilgan.
Ayni paytda g‘o‘za navlarining rivojlanish holati barqaror. Etefon va Avguron preparatlarining belgilangan me’yorlar asosida qo‘llanilishi, defoliatsiya va desikatsiya tadbirlarining to‘g‘ri tashkil etilishi natijasida dalalardan yuqori hosil olish kutilmoqda.
O‘rganish davomida dalalarda olib borilayotgan agrotexnik tadbirlar ijobiy baholanib, mavsum davomida fermerlar uchun tashkil etilgan o‘quv-seminarlarda berilgan tavsiya va ko‘rsatmalarning amaliyotda izchil qo‘llanilayotgani qayd etildi.
Shuningdek, hosilni yig‘ib-terib olishga shoshilmasdan, g‘o‘zaning pishib yetilish va ko‘saklarning to‘liq ochilish jarayonlarini hisobga olgan holda terimni maqbul muddatlarda tashkil etish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.
