Shinjonga nisbatan Namangan yerlari boniteti yuqori, texnologiya rivojlantirilsa, hosildorlik keskin oshadi
Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov hududlarda amalga oshirilayotgan islohotlar va qishloq xoʻjaligi sohasida bajarilayotgan ishlar bilan tanishishni Toʻraqoʻrgʻon tumanida davom ettirmoqda.
Tumanda joriy yilda 4109 gektar maydonda paxta, 4876 gektarda gʻalla hosili uchun dehqonchilik qilinmoqda.
Dastlab, “Baxtiyor, Neʼmatjon, Shavkatjon” fermer xoʻjaligida amalga oshirilayotgan ishlar koʻzdan kechirildi.
Qishloq xoʻjaligiga doimo ilmiy yondoshib ishlaydigan xoʻjalikda bu yil Prezidentimizning paxta maydonlariga xorijiy navlarni joylashtirish haqidagi Qaroriga muvofiq, Xitoyning “Xin Lu Zao-78” navi tajriba asosida ekildi. Serhosil, kasalliklarga chidamli va ertapishar bu nav tuman boʻyicha 420 gektar maydonga qadalgan.
Tashrif davomida xitoylik mutaxassislar bilan muloqot qilindi. Oʻzaro savol-javoblarda xorijlik mutaxassislar Namangan yerlarining unumdorligiga yuqori baho berdilar. Faqat ishlov berish texnologiyalarini kuchaytirish, oziqlantirishga eʼtibor qaratish lozimligi eʼtirof etildi. Ayniqsa, tomchilatib sugʻorish afzalliklari haqida fikr yuritildi.
Shundan soʻng, “Toʻraqoʻrgʻon fayz baraka” fermer xoʻjaligining paxta dalalarida gʻoʻza parvarishi koʻzdan kechirildi. Xoʻjalikda 85 gektar maydonning 20 gektarida paxta yetishtirilmoqda va to‘liq tomchilatib sugʻorish texnologiyasi yoʻlga qoʻyilgan.