Tuproq tahlili – hosildorlikning kaliti!
Har bir hududning o‘ziga xos tuproq-iqlim sharoiti mavjud bo‘lib, har qanday ekinlarni ekishda ushbu jihat asosiy omil sifatida qaraladi. Tuproq tarkibi va iqlim sharoiti hosildorlikka bevosita ta’sir ko‘rsatuvchi eng muhim omillardan biri hisoblanadi. Shu sababli, qishloq xo‘jaligida ilmiy asoslangan yondashuv muhim ahamiyat kasb etadi.
Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti bo‘lim mudiri, biologiya fanlari falsafa doktori N. Qalandarov Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanining tuproq-iqlim sharoiti va tumanda olib borilgan tuproq tahlillari natijalari haqida ma’lumot berdi. Ushbu tadqiqotlar natijasida hududda ekin ekish uchun eng maqbul tuproq unumdorligi darajasi, o‘g‘itlash tizimi va ekinlar uchun mos agrotexnik usullar aniqlandi.
Ilmiy yondashuv orqali mo‘l hosilga erishish, tuproq tarkibining chuqur tahlili va unga mos ravishda ishlab chiqilgan o‘g‘itlash strategiyasi fermerlarga tuproq unumdorligini oshirish, suv resurslaridan samarali foydalanish hamda ekinlarning kasalliklarga chidamliligini kuchaytirish imkonini beradi. Agrotexnik tadbirlarni ilmiy asosda tashkil etish natijasida Oqqo‘rg‘on tumanida ekiladigan nafqat paxtaning, balki boshqa ekinlarning ham hosildorligini oshirish hamda yer sifatini uzoq muddat barqaror saqlashga erishish mumkin.