Xitoylik mutaxassislar tomonidan Fargʻona viloyati boʻylab seminarlar o‘tildi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Paxtachilik kengashi ishchi guruxi menejeri P. Sayfutdinov Xitoy davlatidan kelgan olim va mutaxassislar janob Van va janob Li bilan birga Fargʻona viloyati Rishton tumanida boʻlib, tumandagi xorijiy paxta navi parvarishlanayotgan “Hosil siri”, “Paxtakor iqror”, “Yoqut yogʻdusi”, “Oydin tunlar”, “Pandigon Abduraxmon Farrux”, “Furqat”, “Humo qushi”, “Obod bogʻ bogʻboni” hamda boshqa fermer xoʻjaliklari rahbarlari bilan uchrashib, tegishli maslahat va tavsiyalarni berishdi.
Seminar dala sharoitida boʻlib, savol-javoblarga boy hamda koʻtarinki kayfiyatda oʻtdi.
Mutaxassislar boshchiligidagi tashrifning ikkinchi manzili Oltiariq tumani boʻldi. Tumandagi “Hamza Expo Art Textile” paxta toʻqimachilik klasteri tomonidan xorijiy urugʻ ekilgan paxta maydonlarida olib borilayotgan agrotexnik tadbirlar, klaster agronom va mutaxassislari bilan birgalikda koʻrib chiqilib, tegishli tavsiyalar berildi.
Uchinchi hudud Bogʻdod tumani boʻlib, bu yerda tuman hokimi va tegishli mutaxassislar bilan uchrashildi hamda, “Fergana Spinning” paxta toʻqimachilik klasteridagi xorijiy nav ekilgan paxta maydonlari koʻzdan kechirildi.
Xorijiy mutaxassislar Uchkoʻprik tumanidagi “AP Azizov Akbarali”, “Nizomiddin Dildora”, “Sobirjon oʻgʻli Hasanxon Kapasi”, “Madaliyev Aziz”, “Saxovatpesha Yoqubjon” va boshqa bir qator fermer xoʻjaliklari rahbarlari bilan ham uchrashib, dalada ishlayotgan texnikalarning sozligi va toʻgʻri ish tashkil qilinganligini e’tirof etishdi. Shuningdek, endilikda qilinadigan ishlar tushuntirib berildi.