description

Xitoyning yuqori avlodli g‘o‘za navlaridan O‘zbekiston sharoitida urug‘lik tayyorlanmoqda.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan Xitoyning urug‘chilik kompaniyalari bilan hamkorlikda ko‘sak qurti va glifosatga chidamli g‘o‘za navlarini mamlakatimiz tuproq-iqlim sharoitiga moslashtirish hamda mahalliy sharoitda yuqori sifatli urug‘liklar tayyorlash bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Joriy yilda mahalliy sharoitda tayyorlangan 6 ta xorijiy g‘o‘za navidan jami 6 705 tonna urug‘lik zamonaviy lazerli fotoseparatorlardan o‘tkazilib, belgilangan talablar asosida dorilandi, qadoqlandi hamda fermer xo‘jaliklarining talab va ehtiyojlaridan kelib chiqib realizatsiya qilindi.

Shuningdek, 2027-yil hosili uchun klaster va fermer xo‘jaliklarining xorijiy navlarga bo‘lgan ehtiyoji chuqur tahlil qilindi. Navlarni hududlarga joylashtirishda ko‘sak qurti “o‘choq”lari, tuproqning sho‘rlanish darajasi, suv ta’minoti og‘ir hududlar hamda qurg‘oqchilikka chidamli navlarga bo‘lgan ehtiyoj kabi omillar inobatga olindi.

Xususan, “Qishloq xo‘jaligida yuqori texnologiyalar Agrotexnoparki” maxsus sanoat zonasi Direksiyasi MChJ (“Agrotexnopark”) tomonidan Xitoyning “Bazhou Genqing Seed Industry Co” urug‘chilik kompaniyasi bilan hamkorlikda mazkur kompaniyaga tegishli “MG-02” va “MG-26” g‘o‘za navlarining 100 tonna yuqori avlodli original urug‘liklari olib kelindi.

Mazkur Bt va Gt genli “MG-02” va “MG-26” g‘o‘za navlari urug‘liklarini ko‘paytirish maqsadida “Agrotexnopark” tomonidan Urug‘chilikni rivojlantirish markazi, Qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasining ilmiy-tajriba stansiyalari hamda elita xo‘jaliklariga tegishli 2 488 gektar maydonga ekish tashkil etildi. Ayni paytda ushbu maydonlarda urug‘lik paxta xomashyosini yig‘ishtirib olish ishlari davom etmoqda.

Hozirda mazkur navlar katta maydonlarda sinovdan o‘tkazilmoqda. Nav sinash natijalariga ko‘ra, yil yakuniga qadar belgilangan tartibda ularni Davlat reyestriga kiritish bo‘yicha tegishli choralar ko‘riladi.

Tayyorlanadigan ushbu urug‘liklar 2027-yil hosili uchun ekish maqsadida ishlab chiqarish xarajatlaridan kelib chiqib, ustamalarsiz va maqbul narxlarda shartnoma asosida fermer xo‘jaliklariga yetkazib beriladi.

  • Tayyorlangan urug‘lik: 6 ta xorijiy navdan 6 705 tonna
  • Olib kelingan original urug‘lik: 100 tonna (“MG-02” va “MG-26”)
  • Ekilgan maydon: 2 488 gektar
  • Hamkor: “Bazhou Genqing Seed Industry Co” (Xitoy)
  • Maqsad: 2027-yil hosili uchun urug‘lik tayyorlash

Menyu