“ZAMIN” marrada — hosildorlik 70 sentnerga yetadi.
Uychi tumanidagi “Uychi mirishkor qanoti” MMTP hududida faoliyat yuritayotgan Hoshimjon Ibrohimov boshchiligidagi “Zamin” fermer xo‘jaligi jamoasi paxtachilikda zamonaviy texnologiyalarni qo‘llab, birinchi bo‘lib marraga yetib keldi.
Mavjud 48 gektar maydondan 275 o‘rniga 280 tonna hosil olinib, 60 sentnerlik marra egallandi. Qo‘shimcha ravishda yana 70 tonna paxta topshirish rejalashtirilgan. Umumiy hosildorlik gektariga 70 sentnerni tashkil etishi kutilmoqda.
Erishilgan bu yutuq o‘z-o‘zidan bo‘lmadi. Erta bahordan qilingan fidoyi mehnat, paxta to‘liq shinjon usulida, 76×10 qo‘shqator tizimi asosida, plyonka ostida yetishtirilgani, hosilni parvarishlash jarayonida zamonaviy agrotexnologiyalardan samarali foydalanilgani o‘z samarasini ko‘rsatdi. Terim oldidan dron yordamida bargdan oziqlantirish ishlari amalga oshirildi, etefon qo‘llanildi. 15-avgustdan boshlab defoliatsiya ishlari olib borildi.
Paxta yig‘im-terimi to‘liq mashina terimi usulida amalga oshirilib, ishlar olti ish kunida yakunlandi. Ayni paytda xo‘jalik tasarrufida yana 11 gektar paxta maydoni mavjud.
